14-16 may kunlari Toshkent shahrida «Kimyoviy moddalarni xalqaro boshqarishda strategik yondashuvni (KMXBSYO) amalga oshirish uchun ustivor yo’nalishlarni aniqlash va boshqarish bo’yicha Milliy forum hamda Harakatlar rejasini ishlab chiqish bo’yicha ko’nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan seminar» bo’lib o’tdi. Forumni O’zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi YUNITAR bilan hamkorlikda "Kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish uchun integratsiyalashgan milliy dasturni ishlab chiqish va O’zbekiston Respublikasida Kimyoviy moddalarni xalqaro boshqarishda strategik yondashuvni (KMXBSYO) amalga oshirish" loyihasi doirasida tashkil etdilar.
Intensiv ishlab chikarish hamda kimyoviy moddalar va mahsulotlardan keng foydalanish sharoitlarida kimyoviy xavfsizlikni ta’minlash, atrof muhit va aholi sog’ligini muhofaza qilishda kimyoviy moddalarni kompleks boshkarish yondashuvini qo’llash muhim omil hisoblanadi.
Ma’lumki, O’zbekistonning kimyo sanoati - mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmog’laridan biridir. U sanoatning deyarli barcha tarmoqlariga xom-ashyo, turli material va mahsulotlarni yetkazib beradi. Boshqa tarmoqlar rivojlanishining miqyosi, yo’nalishi va samaradorligiga jiddiy ta’sir ko’rsatadi . O’zbekistonning "Kimyoviy moddalarni xalqaro boshqarishda strategik yondashuvni (KMXBSYO) amalga oshirish" dek xalqaro tashabbusda qatnashuvi kimyoviy xavfsizlikni tizimli ta’minlashga xizmat qiladi.
Ushbu yondashuv kimyoviy moddalarni boshqarishning xuquqiy, tashkiliy, ma’muriy va texnik jihatlarini o’z ichiga olib, milliy infrastrukturadagi mavjud salohiyat, imkoniyatlar va kamchiliklarni har tomonlama o’rganishni talab qiladi.
Shu munosabat bilan respublikada kimyoviy moddalarni boshqarish bo’yicha Milliy profil tayyorlandi, KMXBSYO bajarilishining milliy rejasini ishlab chiqish uchun, mamlakatning zarur imkoniyatlarini aniqlash maqsadida salohiyati baholandi.
Milliy profilning har bir bobi O’zbekistondagi kimyoviy moddalarni boshqarish bo’yicha vaziyatni tushunishga ko’mak beradigan amaliy axborot bo’lib, mavjud milliy infrastruktura bo’yicha, masalan, amaldagi qonunchilik, vazirliklar, muassasalarning vakolatlari, texnik infrastruktura, axborot olish imkoniyati, kimyoviy, jumladan turg’un organik ifloslantiruvchilar bo’yicha vaziyat, zaharli kimyoviy moddalarni yo’q qilish muammolari to’g’risida ma’lumotni o’z ichiga qamrab olgan.
Forum qatnashchilari ta’kidlaganlaridek, olib borilgan tahlillar davomida kimyoviy moddalarni butun hayotiy sikli, ya’ni ishlab chiqarish, ulardan foydalanish, zararsizlantirish va yo’q qilish mobaynida ularni oqilona boshqarish bo’yicha mavjud qonuniy va normativ- huquqiy bazada, uni joriy qilinishi va monitoringi borasida ma’lum kamchiliklar borligi aniqlandi. Kimyoviy moddalarni boshqarish va kimyoviy xavfsizlikni ta’minlab berish bilan shug’ullanadigan turli vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyati koordinatsiyasida, turli idora va tashkilotlardagi kimyoviy moddalar va chiqindilar haqidagi ma’lumotlarni yig’ish, yetkazib berish va almashish borasida hamda ushbu ma’lumotlardan jamoatchilikni habardor qilishda kamchiliklar mavjuddir.
Shu munosabat bilan kimyoviy moddalar boshqaruvida doimiy foydalanish uchun kompleks yondashuv asosida idoralararo va tashkilotlararo muvofiqlashtiruvchi mexanizmlarni rivojlantirish hamda hamma tegishli milliy tashkilotlar va manfaatdor tomonlar qiziqishlari inobatga olinishi tavsiya etildi.
Kimyoviy moddalarni asosli boshqarishni ta’minlash bo’yicha Milliy strategiya va KMXBSYO bajarilishi va uni amalga oshirish uchun Harakat Dasturi ishlab chiqish tavsiya etildi. Kimyoviy moddalarni boshqarish bo’yicha Harakat Dasturini hamma manfaatdor tomonlarni jalb qilgan holda milliy tizim klassifikatsiyasi va kimyoviy moddalar markirovkasini,kimyoviy moddalar chiqarilishi va tarqalishini boshqarish milliy registrini rivojlantirish, o’ta xavfli kimyoviy va biologik moddalarni milliy registrini tuzish muhimligi aytib o’tildi. Shuningdek, kimyoviy moddalarni xavfsiz boshqarish bo’yicha ishlab chiqilgan qonuniy va normativ-huquqiy mexanizmlarni va ularni samarali ijrosini va monitoringini ta’minlashni, shuningdek, shu sohadagi mavjud xalqaro qonunchilik bilan muvofiqlashtirishni takomillashtirish kerak.
14-16 may kunlari o’tkazilgan Forumda KMXBSYO bo’yicha hamkor (turli manfaatdor tomonlar ishtirokida bajariladigan) loyihalar taqdimoti ham bo’lib o’tdi va ularni bajarilishi hamda xalqaro va mahalliy tashkilotlar tomonidan moliyalashtirilish masalalari muhokama qilindi.
Forum doirasida ma’lumotlar almashish mexanizmini, vazirliklararo koordinatsiya mexanizmini, KMXBSYO joriy qilish bo’yicha Harakat Dasturini ishlab chiqish bo’yicha seminar bo’lib o’tdi.
Forum ishida Oliy Majlis Senati a’zolari, qator vazirlik va idoralar, ishlab chiqarish korxonalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, xalqaro va jamoat tashkilotlari rahbar va xodimlari, OAV vakillari, shuningdek BMTning ilmiy tadqiqot va o’quv instituti (YUNITAR) ekspertlari ishtirok etdilar.
Tabiatni muhofaza qilish davlat qo’mitasi
Axborot xizmati
chop etilgan sana: 17-05-2012 18:43
manba: